Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Bolalar uchun muloqot: Markaziy Osiyo va YUNISEF
Toshkentda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan “Bolalar uchun muloqot: Markaziy Osiyo va YUNISEF” mavzusidagi yuqori darajadagi Forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning tegishli idoralari rahbarlari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda “Zamin” jamoat fondi vakillari ishtirok etdi.
Maʼlum qilinishicha, Forum bolalar va onalarga tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni muhokama qilish va mustahkamlash, umumiy ustuvor yo‘nalishlar hamda samarali strategiyalarni belgilash uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Anjumanda bolalar va o‘smirlarga onkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tizimni davlat dasturlari bilan uyg‘unlashtirib, izchil profilaktikani yo‘lga qo‘yish, erta tashhis qo‘yish va davolash, malakali kadrlar tayyorlash, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jarayonni raqamli monitoring bilan qamrab olish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kuchaytirish va ko‘p tarmoqli yondashuv asosida bolalarga onkologik yordam ko‘rsatish masalalariga va mintaqaning klinik va ilmiy faoliyatiga ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishni jadallashtirishga qaratilgan, Vasiylik kengashi tarkibiga a‘zo mamlakatlar rahbarlari kirgan Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro akademik xabning yagona platformasini yaratishga alohida e‘tibor qaratildi.
Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan YUNISEF va JSST ko‘magida bolalar va o‘smirlar salomatligi sohasida hukumatlar, akademik doiralar, hamkorlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan deklaratsiya qabul qilindi.