Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Davlatimiz rahbari Davosda Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 21-22 yanvar kuni Amerika yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyada bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir.

Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin oldi.

Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.

Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar do‘stona ruhda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.Ko‘p tomonlama, shu jumladan,  Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi.

Ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davosdagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi.

Davosdagi tadbirlar doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, AQSH savdo vaziri Govard Latnik, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan ham suhbatlar o‘tkazdi.