Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya Respublikasi Prezidenti 1 noyabr kuni Samarqandga keldi.
Ushbu safarda Fransiya Prezidentiga tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi frantsuz fuqarolari masalalari bo‘yicha vazir janob Olivye Bext, sanoat bo‘yicha vazir delegati janob Rolan Leskur, shuningdek, parlament a’zolari, hukumat vakillaridan iborat katta delegatsiya hamrohlik qildi.
Ikki davlat rahbarlari oʻrtasida tor doirada va delegatsiya aʼzolari bilan kengaytirilgan tarkibda muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar Fransiya va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentlar yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib olganini alohida ta’kidlash lozim.
Muzokaralar natijasida bir qator shartnomalar imzolandi:
• Samarqandda Fransiya Al'yansini tuzish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvi;
• Fransiyaning “Eiffage” kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini takomillashtirish loyihasini moliyalashtirish uchun Fransiya g‘aznachiligidan kredit ajratish bo‘yicha ikki bosqichli hukumatlararo kelishuvi;
• FAR guruhining O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimi;
• Kasb-hunar ta’limi sohasida ma’muriy shartnomasi;
• Maktabgacha ta’lim, maktab, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim sohasidagi bayonnomasi;
•Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi;
• Madaniy meros sohasidagi hamkorlik deklaratsiyasi.
Tashrif davomida Prezidentlar strategik sheriklik va ikki tomonning xavfsizlik, energetika, infratuzilma, taʼlim, madaniyat va meros kabi qator sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma deklaratsiyalar qabul qilishdi.
Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumining ochilishida ikki davlat prezidentlari ham so‘zga chiqdi. Shu munosabat bilan Prezident Emmanuel Makron Fransiya-O‘zbekiston Iqtisodiy palatasi tashkil etilishi, shuningdek, kelasi yili Fransiya-O‘zbekiston suv muammolari bo'yicha sammiti o‘tkazilishini ma’lum qildi. Forum yakunlari bo‘yicha bir qator muhim hukumatlararo va idoralararo shartnomalar, shuningdek, savdo va sarmoyaviy bitimlar to‘plami qabul qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar va innovatsion hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratdilar.
Tomonlar tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga yangi kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildilar.