Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Jizzax iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlari tahlil qilindi
9-aprel kuni Zarbdor tumanida Jizzax viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Barcha hududlardagi kabi Jizzax viloyatida ham katta o‘zgarishlar bo‘layotgani qayd etildi. So‘nggi yetti yilda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 2 ming 500 ta yangi korxona ishga tushgan.
Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, dolzarb masalalar ham bor. Ayrim tumanlarda aholini barqaror ish va oylik bilan ta’minlaydigan o‘rta korxonalar kam.
Yig‘ilishda bu Zarbdor tumani misolida ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ma’lum qildi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari katta. Lekin eksport uchun yetarli mahsulot yo‘q. Shu bois ekinlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangicha tizim joriy qilinadi.
Tumanlarda bittadan yaxlit kontur tanlab olinib, jami 500 gektar maydonda bir xil mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Bularning natijasida viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmini ikki yilda 2 karra oshirib, 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqish imkoniyati bor. Bu qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.
Viloyatda kasanachilik asosida asalarichilikni rivojlantirish uchun imkoniyat ham, tadbirkorlar ham bor. Shu bois Zomin tumanida asalarichilik markazi tashkil qilish, quti va jihozlar ishlab chiqarish, asalni qadoqlab, eksportga yuborish vazifalari belgilandi.
Yangiobod tumanidagi lalmi yerda oq piyoz yetishtirish, quritish, qadoqlash va muzlatgichli omborxonani qamrab olgan klaster tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Chorvachilik, baliqchilik va issiqxona xo‘jaligi uchun qulayliklar ham aytib o‘tildi.
Sanoat rivoji uchun ham zaxirlar ko‘p. Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki tashkil etilib, 1 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida “Jizzax” sanoat zonasi filiali ochilib, 140 million dollarlik 15 ta yirik loyiha joylashtiriladi.
So‘nggi yillarda Jizzaxda avtomobilsozlik vujudga keldi. Kelgusi uch yilda 1 milliard dollar investitsiya hisobidan uning quvvatini yana 100 mingtaga oshirib, 10 mingta ish o‘rni ochish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida 220 million dollarlik 29 ta loyiha amalga oshirilishi aytildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida sayyohlar uchun sharoit yaratish, 10 ta madaniy meros maskanida “turizm halqasi” tashkil etib, ularga eltuvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu yil viloyatda 4 ming 500 xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.
Umuman, Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.