Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Jizzax yangi o‘sish nuqtalari markaziga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi.
Mazkur yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan.
Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.
Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.
Prezidentimiz Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.
Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.
Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan.
Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari mavjud.
Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga to‘liq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.
Davlatimiz rahbari maktabdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz shu yerda respublika va viloyat faollari bilan ham muloqot qildi.
Keyingi yillarda Jizzaxda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda yaxshi natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Ushbu majmua aholiga barcha zarur tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish imkonini yaratishi bilan katta ahamiyatga ega. Loyiha viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbariga muassasa imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Prezident bemorlarni davolash, shifokorlarning samarali ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tibbiyot klasterida Qozon federal universiteti bilan mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini joriy etish, zamonaviy tibbiy standartlarni o‘zlashtirish imkoniyatini beruvchi uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatiladi.
Prezidentimiz sog‘liqni saqlash mas’ullari va xodimlari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari tibbiyot klasterlari va ko‘p tarmoqli klinikalar boshqaruvida eskicha yondashuvlardan chekinib, yangi mexanizmlarni joriy qilish, jumladan, tibbiyotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xorijdan xalqaro ekspertlar va yetakchi menejerlarni jalb qilib, mahalliy mutaxassislarni o‘zimizda, bevosita muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish, raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu Jizzax tajribasi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida ham bo‘ldi.
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli sohada imkoniyatlar kengayib, hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda agromarkazlar tashkil qilinib, fermer va dehqonlarga kompleks xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ham ana shunday markaz faoliyat boshladi.
Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar sotish va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mavjud.
Davlatimiz rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishdi, markaz faoliyatini yanada kengaytirish, mijozlar uchun xizmatlarni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
O‘tgan davrda Jizzax viloyati respublikadagi sanoati eng tez o‘sayotgan hududga aylandi. Sakkiz yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushgan bo‘lsa, shuning 45 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Umuman, so‘nggi sakkiz yilda Jizzaxda sanoat 2,5 trilliondan 25 trillion so‘mga, xizmatlar 2,5 trilliondan 20 trillionga, qishloq xo‘jaligi 9 trilliondan 30 trillion so‘mga oshgani ta’kidlandi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari sanoat, investitsiya, turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetgan. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat ekani qayd etildi.
Viloyatda yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. G‘allaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston volfram ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga G‘allaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini oxiriga yetkazib, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.
Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi. 2026 yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard so‘m nazarda tutiladi.
Sanoatning energiya bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish uchun joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratiladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.
Viloyatda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelasi yil qariyb 10 trillion so‘m resurs berilishi e’lon qilindi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda “Zomin – Baxmal – G‘allaorol” yo‘lining 158 kilometr qismini ta’mirlashni boshlash topshirildi. Baxmal tumanida 39 gektar maydonda 40 million dollar investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi. Baxmalga ham “turizm tumani” maqomi berilishi belgilandi.
Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi.
Prezidentimiz qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi.
Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa hamda meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 2026 yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.
Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Kelgusi yildan sug‘orish nasoslarining elektr xarajatini 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, Baxmaldagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.
Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.
AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parrandachilik bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubasion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari, faollarning fikrlari tinglandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida joylashgan “Ko‘k saroy” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Prezidentimiz majmua faoliyati bilan tanishib, tashrif buyurganlar bilan samimiy muloqot qildi. Xizmatlarni kompleks yondashuv asosida yanada rivojlantirish, bunday markazlarni boshqa hududlarda ham ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.