Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Onkologik va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarda yashab qolish ko‘rsatkichini oshirish va ularning azob-uqubatlarini kamaytirish yo‘lida
Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan Yuksak darajadagi hafta tadbiri chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva raisligida tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi va “Zamin” fondi hamkorligida tashkil etildi.
“Onkologik va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarda yashab qolish ko‘rsatkichini oshirish va ularning azoblarini kamaytirish bo‘yicha global harakat” forumi butun dunyo bo‘yicha ikki milliarddan ortiq bolalarning salomatligiga tahdid solayotgan va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga to‘sqinlik qilayotgan yuqumsiz kasalliklarga (YUK) qarshi kurash masalalari bo‘yicha muhokamalarga yo‘l ochdi. Xususan, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini kamaytirish va YUK sababli erta o‘limni uchdan birga qisqartirish vazifalari muhokama qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun nihoyatda dolzarb masalaga bag‘ishlangan ushbu tadbir O‘zbekiston tarixida ilk bor bunday yuqori darajada tashkil etildi va ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlarning e’tiborini tortdi.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Angola, Vetnam, Gvatemala, Serbiya birinchi xonimlari, Livan Bosh vaziri rafiqasi, JSST Bosh direktori, EKOSOS prezidenti, Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi prezidenti, shuningdek, Turkiya, Angola, Armaniston, Bangladesh, Mozambik, Dominikan Respublikasi, Nigeriya, Qozog‘iston, Qatar, Kongo Respublikasi, Qirg‘iziston, Malta, Mongoliya, BAA, Peru, Tojikiston, Timor-Leshte, Tuvalu, Chad, Yamayka sog‘liqni saqlash vazirlari; Vengriya, Indoneziya, Rossiya, Tanzaniya sog‘liqni saqlash tuzilmalari rahbariyati vakillari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari va og‘ir kasalliklarga duch kelgan bolalar qatnashdilar.
Tadbir davomida dunyo yetakchilariga murojaat qilinib, noyob va og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar uchun kompleks tibbiy yordamga teng huquqli va barqaror kirishni ta’minlash, YUKga qarshi kurash choralarini amalga oshirish jarayonida birorta bola e’tiborsiz qolmasligi zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar 2030-yilga kelib bolalarda onkologik kasalliklarda yashab qolish ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish borasidagi sadoqatlarini yana bir bor tasdiqladilar. Shu maqsadda adolatli, integratsiyalashgan va mahalliy resurslarga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, bolalar saratoni davosida qo‘shimcha yutuqlarga erishish va o‘roqsimon hujayrali anemiya bilan kurash bo‘yicha global tashabbusni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.