Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar

O‘zbekiston 2026-yilda OTBning 59-yillik yig‘ilishini qabul qiladi
Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yig‘ilishi o‘tkaziladigan joy sifatida Samarqand tanlandi. O‘zbekiston mazkur tadbirga ikkinchi bor mezbonlik qiladi.
O‘zbekiston 2026-yil 3−6-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 59-yillik yig‘ilishiga mezmon bo‘ladi. Bu haqda Milanda bo‘lib o‘tgan 58-uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qilindi.
O‘zbekiston bank tadbiriga ikkinchi marta mezbonlik qilmoqda: avval OTBning 43-yig‘ilishi 2010-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi.
OTB prezidenti Masato Kanda ta'kidlaganicha 2026-yilgi yillik yig‘ilish mintaqaning ko‘plab o‘ziga xos tomonlarini ta’kidlab, muloqot va hamkorlik mustahkamlanishi uchun ilhomlantiruvchi platformani taqdim etadi.
Yillik yig‘ilishda bankka a’zo 69 davlat rahbarlari, moliya vazirlari, markaziy bank rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, NNTlar va OAV vakillari Osiyo-Tinch okeani mintaqasi oldida turgan rivojlanish muammolari va chaqiriqlarini ko‘rib chiqadi. Unda an’anaviy ravishda bir necha ming kishi qatnashadi.
OTB — so‘nggi besh yil ichida turli loyihalarni moliyalashtirish uchun 5,41 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan O‘zbekistonning rivojlanish bo‘yicha eng yirik hamkorlaridan biri. Bank mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni mustahkamlash va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 69 ta davlatga tegishli, ulardan 50 tasi shu mintaqadan.