Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston – Iordaniya: do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25-26 avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon tashrifining asosiy tadbirlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.

Sammit kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, kimyo, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, konchilik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

- investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;

- viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;

- oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

- turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

- havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

- tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;

- qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

- din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;

- Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

 

Iordaniya Podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning "An-Nahda" ("Renessans") ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.