Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni bilan ustuvor loyihalarning amalga oshirilishini muhokama qildi

15-oktabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi. U Oʻzbekistonga tashrif buyurgan yetakchi saudiya kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani boshqardi.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollari, jumladan, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama aloqalarning jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: barcha darajalarda muloqot faollashmoqda, oʻzaro savdo hajmi, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va qoʻshma korxonalar soni ortmoqda, mamlakatlar oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni koʻpaydi. Qoʻshma loyihalar portfeli 27 milliard dollarga yetdi, shundan 15 milliard dollari ACWA Power kompaniyasi bilan yirik energetika tashabbuslariga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, Toshkentda boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining soʻnggi yig‘ilishlari natijalari yuqori baholandi. Ularning doirasida yangi bitimlar va shartnomalar imzolandi. Tomonlar “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, ko‘chmas mulk, mintaqaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni tezlashtirilgan tartibda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Prezident IT va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Data Volt kompaniyasi Toshkentda ma’lumotlar markazini yaratish loyihasini amalga oshirmoqda. Shuningdek, Yangi Toshkent va Buxoroda shunga oʻxshash markazlarni tashkil etish, hamda boshqa saudiya kompaniyalarining raqamli tashabbuslarda ishtirok etishiga tayyorlik bildirildi.

Prezident saudiya kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholining hayot sifatini oshirishga qaratilgan yangi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.