Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. Tashrifning asosiy xususiyati amaliy iqtisodiy mazmunga o'tish bo'ldi.

Davlatimiz rahbari Yaponiya poytaxtida mamlakat Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi, Parlamentning ikki palatasi rahbarlari, parlamentdagi Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi faollari, hukumat aʼzolari, Nara shahri meri hamda yetakchi oliygohlari rektorlari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlik va koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari, moliya institutlari rahbarlari bilan biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Ikki davlat yetakchilari tomonidan Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaruvchi Kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot imzolanishi tashrifning asosiy natijasi boʻldi.

Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xoʻjaligi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar toʻplami qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi doirasidagi markaziy voqealardan biri uning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitidagi ishtiroki bo‘ldi. Maʼlumki, aynan Yaponiya 2004 yilda bunday formatdagi uchrashuvlarning birinchi mintaqadan tashqaridagi ishtirokchisi va tashabbuskori bo‘lgan edi va bu format ko‘p tomonlama hamkorlikning “yangi o‘lchami” sifatida taqdim etilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti nutq soʻzladi, ushbu formatdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.

Tashrif doirasida Tokioda sanʼat ustalarining konserti, “Yangi Oʻzbekiston” fotokoʻrgazmasi va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasini oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi.