Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi: Strategik sheriklikning yangi bosqichi

Joriy yilning 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi. Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim tarixiy voqea bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka yangi amaliy mazmun bag‘ishladi.

Tashrifning markaziy voqeasi — Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi majlisi bo‘ldi. Ushbu yangi platformaning ishga tushirilishi tizimli ishlarni boshlab berdi. Buni qabul qilingan Qo‘shma deklaratsiya hamda hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 30 ga yaqin hujjatlar to‘plami tasdiqlaydi. Shuningdek, tomonlar Toshkentda Tashqi ishlar vazirliklari muvofiqlashtirish qo‘mitasining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisiga Pokistonning oliy davlat mukofoti — «Nishon-e-Pokiston» ordeni tantanali ravishda topshirildi. Ushbu yuksak e’tirof ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikning yorqin namunasidir.

Shu bilan birga, xavfsizlik va iqtisodiyot sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish va mahkumlarni topshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Iqtisodiy muloqotlar natijasida esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar belgilab olindi.

Yana bir muhim voqea ikki davlat rahbarlari hamda 300 dan ortiq yetakchi korxona va kompaniyalar vakillari ishtirokida o‘tgan qo‘shma biznes-forum bo‘ldi. Tadbir yakunida ilk bor Erishilgan kelishuvlar to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Unda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilandi va vazirlik hamda idoralar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu tashabbuslarni oliy darajada mustahkamlagan holda, ikki mamlakat yetakchilari iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari — qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, geologiya, raqamli texnologiyalar, logistika va farmatsevtika sohalarini qamrab olgan yirik hujjatlar to‘plamini qabul qildilar. Shuningdek, radiatsiya va yadro xavfsizligi, ekologiya hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohalarida ham muhim bitimlar imzolandi.

Tashrif doirasida «Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» yangi transport koridorini tashkil etish va joriy yilning fevral oyidayoq ushbu yo‘nalish bo‘yicha sinov yuk tashuvlarini boshlashga kelishib olindi. Mutaxassislar fikricha, bu logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish va tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Islomobodda Bobur nomidagi bog‘ning tashkil etilishi, ko‘chalardan biriga «Toshkent» nomi berilishi, Lohurda qo‘shma madaniyat markazining ochilishi hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaligi va kinosi kunlari o‘tkazilishi buning yorqin dalilidir. Akademik aloqalar yo‘nalishida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Peshovar universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi.

Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida O‘zbekiston-Pokiston ekspertlar kengashini tuzish bo‘yicha memorandum imzolandi. Shuningdek, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashib, dolzarb mintaqaviy masalalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va pozitsiyalar mushtarakligini tasdiqladilar.