Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Bu o‘lka qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda.
Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.
Bu borada 2024 yil 1 avgustda e’lon qilingan ochiq tender ikki bosqichda o‘tkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.
Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.
Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Urganch aeroporti eng qulay yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari 2022 yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.
Kuni kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.
Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanida barpo etilgan mebelsozlik kichik sanoat zonasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 iyundagi mebel sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, salohiyati bor tumanlarda shunday sanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Shu bois 10 gektar yer ajratilib, mebel mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo ob’ektlarini o‘z ichiga olgan kichik sanoat zonasi barpo etildi. Bu yerda 10 million dollarlik 61 ta korxona faoliyat boshlamoqda. 650 kishi ish bilan ta’minlandi.
Korxonalarda Germaniya, Italiya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar o‘rnatilgan. Yiliga 108 milliard so‘mlik uy, ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun mebellar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.
Mebelsozlik kichik sanoat zonasida dizayner va texnologlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazi tashkil qilingan. Unga Turkiyadan malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Ular bilan muloqotda mebellar sifatini ta’minlash, yoshlarning bu bo‘yicha tajribasini oshirish haqida so‘z yuritildi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 3 million dollardan ziyod eksport qilinishi mo‘ljallangan.
Yana bir muhim jihati, sanoat zonasida energiya samaradorlikka e’tibor qaratilgan. Korxonalarning barchasiga quyosh panellari o‘rnatilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.
Xo‘jalikning 3 gektar maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi. Yana ikki gektarda esa bog‘dorchilik qilinadi. Bundan tashqari, 12 sotix issiqxonada 40 turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lib, uning har bir bo‘limida ko‘chatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan.
Bandlik vazirligi va bank bilan hamkorlikda xo‘jalikning yondosh hududida o‘quv markazi ochilgan. Unda xo‘jalik tajribasi asosida xonadonlardagi samarasiz tomorqadan yil davomida daromad olishga o‘rgatilmoqda. Natijada mahallalarda omilkorlik kengayib, oilalarga qo‘shimcha daromad kirmoqda.
Davlatimiz rahbari yurtimizda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch – Xiva elektrlashtirilgan temir yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Prezident ushbu yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga yo‘l oldi.
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda. Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yili 380 million dollarga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – “Arda Xiva” bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
“Arda Xiva” hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
“Ichan qal’a” tarixiy bo‘lsa, “Arda Xiva” Xorazmning zamonaviy “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.