Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo’lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatida 2026 yilni “Mahalla rivoji va jamiyat farovonligini oshirish yili” deb e’lon qildi. Davlat rahbari jamiyatda tinchlik va birdamlikni ta’minlashda mahallaning ahamiyati va o‘rnini alohida ta’kidladi.

Prezident 2026 yilda davlat boshqaruvi va iqtisodiyot sohalarida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishini bildirdi.

Kelgusi 2026 yil davlat boshqaruvi tizimi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, fan, tibbiyot, madaniyat, sport hamda ekologiya tizimi — barcha sohalarning rivojida tub burilish yili bo‘lishini Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatida qayd etdi.

Siyosatning birinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida mahalla infratuzilmasini takomillashtirish belgilandi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yildan boshlab mahallalarni rivojlantirishda kompleks yondashuv joriy etiladi.

Har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ularda har bir mahalladagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishga imkon beruvchi tizim yaratiladi. Shu bilan birga, ushbu hududlarda tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.

2026 yilda ilk bor 20 trillion so‘m mablag‘ mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun bevosita viloyatlar ixtiyoriga yo‘naltiriladi.

Prezident urbanizatsiya va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha yangi islohotlarni ham e’lon qildi.

Xususan, shaharlarning tartibsiz kengayishining oldini olish bo‘yicha aniq mezonlar belgilanadi va shu orqali ekin maydonlarining asossiz qisqarishiga chek qo‘yiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mamlakatda ilk bor 45 ta aglomeratsiya zonasi aniqlanadi.

Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushiriladi hamda “yashash qulayligi indeksi” yuritiladi. Ushbu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar topiladi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati davom ettiriladi: 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m miqdorida resurslar taqdim etiladi. Shundan 43 trillion so‘mi ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirish va 360 ming kishining bandligini ta’minlash maqsadida 2026 yilda mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga qo‘shimcha 7,5 trillion so‘m resurs ajratiladi.

Yangi yilda mahallalar aholisi, xususan ayollarni sport bilan keng jalb etish va buning uchun zarur infratuzilmani yaratishga qaratilgan uch yillik dasturiy hujjat qabul qilinadi. Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Mahallalardagi yoshlarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida maktab kutubxonalari har yili 10 million nusxada badiiy adabiyot bilan ta’minlanadi.