Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga keldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan muzokaralar va mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, qo‘shma biznes forumida ishtirok etadi.

Tomonlar siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya, madaniyat, turizm va ta’lim sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.

Qo‘shma bayonot, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlab qo‘ygan hukumatlararo va idoralararo bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Tashrif yakunida davlat rahbarlari va ikki mamlakatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Sloveniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.