Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston – Turkiya: o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki davlat strategik munosabatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Safar davomida har ikki tomondan yirik delegatsiyalar tarkibida ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishi, turli sohalarni qamrab olgan 19 hujjat imzolanganligi ham shuni dalilidir.

Yetakchilar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, istiqbolga yo‘naltirilgan maqsadlarni belgilab oldilar. Jumladan, O‘zbekiston-utkriya Strategik hamkorlik kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish, siyosiy muloqotni faollashtirish va Hukumatlararo komissiya mexanizmidan samarali foydalanishga qaror qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 baravarga, qo‘shma korxonalar soni 2 baravarga, investitsiyalar 2,5 baravarga oshgan. Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta havo qatnovi amalga oshirilmoqda.

Bugun Turkiyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bozorida faol ish olib bormoqda. Turk biznesi ishtirokida 100 dan ortiq loyiha samarali amalga oshirilmoqda. Joriy tashrif doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yangi o‘sish nuqtalari va maxsus sanoat klasterlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlashga kelishib oldilar.

Energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi intilishlar qat’iy ekani bildirildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, mavjud transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va biznes aloqalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

Davlatimiz rahbari qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini va uning ilk yig‘ilishi bugun ikki davlat rahbarlari boshchiligida o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Mintaqaviy masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Xalqaro maydonda yaqin hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Tomonlar islom dinining asl insonparvar mohiyatini keng targ‘ib qilish, islomofobiya va radikalizmga qarshi kurashishda, shuningdek, o‘zbek zaminida tug‘ilib o‘sgan va musulmon dunyosida yuksak qadrlanadigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduholiq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning bebaho ma’naviy merosidan samarali foydalanish masalalarida hamkorlik qilish borasida yakdil fikr bildirdilar.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro madaniyat haftaliklari, ta’lim va tibbiyot forumlari, ko‘rgazmalar o‘tkazish va turistlar oqimni oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Barcha erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.