Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston va Fransiya ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parij shahriga bo‘ldi.

Dasturga muvofiq, Yelisey saroyida oliy darajadagi O‘zbekiston-Fransiya muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

12-mart kuni Parij shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Hujjat tomonlarning siyosiy, iqtisodiy va gumanitar muloqotni chuqurlashtirish istagini tasdiqlaydi.

Tomonlar o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va suverenitetga hurmat asosidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va diversifikatsiya qilishga kelishib oldi. Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, mintaqa davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari muhimligini ta’kidladi. Tomonlar, shuningdek, BMT va YeXHT tamoyillariga sodiqliklarini tasdiqladi.

Fransiya O‘zbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirishga hissa qo‘shishga va O‘zbekistonda demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor.

Ikkala tomon ham gender tengligi sohasidagi uzoq muddatli islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi kurashishga sodiqligini tasdiqlaydi.

Deklaratsiyada ikki davlatning YUNESKO doirasidagi, jumladan, madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligi qayd etilgan. Madaniy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratiladi.

Fransiya va O‘zbekiston mudofaa, jumladan, mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatini ma’lum qildi. Mudofaa va xavfsizlik masalalari, jumladan, siyosiy, harbiy va mudofaa sanoati sohalarida muntazam strategik muloqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Maslahatlashuvlar global strategik muhit, mintaqaviy muammolar, terrorizmga qarshi kurash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, qurol nazorati, energiya xavfsizligi, fuqaro mudofaasi, gibrid tahdidlar, dezinformatsiya, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektni qamrab oladi.

Fransiya va O‘zbekiston malakali mutaxassislar va ishchilarning qonuniy va uyushgan migratsiyasini tartibga solish, shuningdek, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish niyatida. Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarlari mutaxassislar va talabalar harakatchanligi, shuningdek, qayta qabul qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvlarni imzolash muhimligini ta’kidlamoqda.

Prezidentlar jinoyatchilikka qarshi kurashda axborot almashinuvini kuchaytirish va ikki davlat xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish niyatida.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish istagini tasdiqlab, quyidagi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning muhim rolini ta’kidladi:

  • aerokosmik, energetika (energiya ishlab chiqarish, energiya balansini optimallashtirish, energiya almashinuvi, elektr energiyasini uzatish va taqsimlash, energiya samaradorligi) va sanoat;
  • geologik qidiruv va foydali qazilmalar;
  • kommunal xizmatlar (shu jumladan, issiqlik, suv ta’minoti, kanalizatsiya, chiqindilarni boshqarish va boshqalar);
  • suv resurslarini boshqarish; transport infratuzilmasi va uskunalari; logistika;
  • turizm, madaniy merosni asrash va tog‘li hududlarni rivojlantirish;
  • moliyaviy xizmatlar.

Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, ishlab chiqarish (jumladan, to‘qimachilik), shaharsozlik va qurilish (shu jumladan, “Yangi Toshkent” loyihasi), madaniy va kreativ sanoat, innovatsion va ilg‘or texnologiyalar kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro aloqalarni rivojlantirish niyatida.

Muhim foydali qazilmalar sohasida sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish va biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Deklaratsiya, shuningdek, transport aloqalarini kengaytirish, jumladan, YeIning “Global darvoza” strategiyasi doirasidagi kelishuvni ham belgilaydi.

Tomonlar Parij kelishuvi doirasida iqlim siyosati masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishga, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslarini boshqarish masalalariga e’tibor qaratishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston a’zo bo‘lgan odamlar va sayyoralar uchun Parij pakti (4P) doirasida iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni muvofiqlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Fransiya taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda ekologiya, energiya tejamkorlik va suv ta’minotini yaxshilash, jumladan, Orol dengizi ekotizimini tiklash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda davom etadi.

Ta’lim va fan ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Deklaratsiya Fransiya-O‘zbekiston universitetining ochilishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talabalar harakatchanligi dasturlarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston maktab va oliy o‘quv yurtlarida fransuz tilini o‘qitishni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.

2022−2023-yillarda Luvr va Arab dunyosi institutida taqdim etilgan ikki ko‘rgazma muvaffaqiyatidan kelib chiqib, ikkala tomon ham madaniy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish niyatini e’lon qiladi. Ular Toshkentda fransuz-o‘zbek madaniyat markazini tashkil etish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tomonlar, shuningdek, madaniy sohadagi hamkorlikni, jumladan, qo‘shma arxeologiya va muzey loyihalarini amalga oshirish, xususan, restavratsiya sohasida tajriba almashish, shuningdek, kino ishlab chiqarishga ko‘maklashish va OAV sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish niyatida.

Dezinformatsiyaga qarshi kurash tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakatlar mediata’lim sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqadi, mustaqil jurnalistlar va OAV malakasini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

2024-yilda Parijda Olimpiya o‘yinlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani kontekstida, ayniqsa, sport sohasidagi hamkorlik ham muhim yo‘nalish sifatida e’tirof etildi.

Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyadan tashqari, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida mutaxassislar va talabalar harakatchanligi, O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish, Toshkent va Parij o‘rtasida sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa qator hujjatlar imzolandi