Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar

Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda o‘zbek-qozoq do‘stlik munosabatlari, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik doirasida aloqalar faollashgani ta’kidlandi.

Avtomobilsozlik, infratuzilma rivoji, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Kimyo, geologiya, energetika, avtokomponentlar ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

 

Transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tor joylarni bartaraf etish hamda tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport koridorlarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni, jumladan, chegara hududlarida “Toza havo” loyihalarini ilgari surishda hamkorlik muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron savdo va startaplarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga sodiqlik bildirdilar.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlari o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohalarida sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.