Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar

O‘zbekiston va Xitoy hududlararo darajada yangi sarmoyaviy loyihalarni muhokama qildi
2025 yil 1–2 iyun kunlari Samarqand shahrida Ikkinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya va biznes aloqalarini kengaytirishga qaratilgan.
Forumda ikki mamlakatning biznes doiralari, davlat organlari, hududiy ma’muriyatlar, ilmiy va ta’lim muassasalaridan 2800 nafardan ortiq vakillar ishtirok etdi.
Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori. So‘nggi besh yil mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshgan bo‘lib, 2024 yil yakunida 13 milliard AQSH dollariga yetdi. 2017 yilga nisbatan Xitoyning O‘zbekistonga yo‘naltirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 3700 tadan oshdi.
O‘zbekiston va Xitoy energetika, kimyo sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, maishiy texnika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qator qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Forum doirasida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega loyiha amaliy fazaga kirgani alohida ta’kidlandi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning mintaqaviy logistika markazi sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy sherikchiligi ikki xalq farovonligiga xizmat qilishi va yangi loyihalar, texnologiyalar hamda ilmiy ishlanmalar orqali kelgusida yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
1 iyun kuni forum doirasida Shensi, Ichki Mongoliya, Sinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Ninsya-Huvey, hamda Shandun, Xeyluntszyan va Gansu kabi Xitoy provinsiyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Shuningdek, Shaanxi Construction Engineering, Yalan Textile, Shaanxi Coal and Chemical Industry kabi 20 ga yaqin Xitoy kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib borildi.
Forum doirasida qator kelishuvlar imzolandi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston hududlari va Xitoy provinsiyalari o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi hamda uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan yuqori qiziqish va ishonchni yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, ilm-fan va ta’lim, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi va ayollarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida panel sessiyalar ham o‘tkazildi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning keng qamrovli va ko‘p qirrali ekanini yaqqol ko‘rsatdi.