Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
O‘zbekistonda yirik energetika quvvatlari ishga tushirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni yangi energetika quvvatlari va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar va Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, shuningdek, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), “Aksa Enerji”, “Cengiz Enerji” (Turkiya), “Masdar” (BAA), “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Rise” (Xitoy), “EDF”, “Voltalia”, “TotalEnergies” (Fransiya), “Siemens Energy” (Germaniya) va “Nebras Power” (Qatar) vakillari ham qatnashdi.
Yangi ob’ektlar – qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta energiya ishlab chiqarish, saqlash quvvatlari va boshqa infratuzilma inshootlari – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy energetika tarmog‘i salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyaning bir qismidir.
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga teng jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro elektrostansiyalari shular jumlasidan.
To‘liq quvvatga chiqqach, ular yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetadi. Ushbu quvvatlar O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Davlatimiz rahbari marosimdagi nutqida ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.
So‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgani ta’kidlandi.
Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi.
E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidro elektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.
Davlatimiz energetika sohasida erishilayotgan ulkan yutuq va marralarda investorlar va mamalakatimizning xalqaro sheriklarining beqiyos hissasi borligini qayd etdi.
O‘zbekiston yetakchisi kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishini ma’lum qildi.
IT, sun’iy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy superkompyuter klasteri va data-markazlar sonini ko‘paytirsh nazarda tutilgan.
Bunday keng ko‘lamli ishlar elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi. Shu bois, Prezident yaqin kelajakdagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
Birinchidan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.
Ikkinchidan, xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb etishni kengaytirish. Joriy yildan xususiy sheriklik tamoyillari nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham qo‘llanmoqda.
Xususan, Turkiyaning “Aksa Elektrik” kompaniyasi bilan Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Uchinchidan, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini faol qo‘llab-quvvatlash.
Yangi yilda 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi.
To‘rtinchidan, yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida mamlakatimiz o‘z tashabbusi bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmasiga oldi: O‘zbekistonda 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasi 50 foizga qisqartirilishi maqsad qilindi.
Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “iCRAFT” loyihasi ishga tushirildi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosi yo‘lga qo‘yildi.
Beshinchidan, qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklikni mustahkamlash.
Mintaqa gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishiladi.
Davlatimiz rahbari Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil koridor” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika ob’ektining ishga tushirilishi hamda navbatdagi 21 tasining qurilishi boshlanishiga start berdi.