Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar

Prezident Andijon viloyatida 2025-yilda amalga oshiriladigan rejalar bilan tanishdi
Safar davomida Shavkat Mirziyoyev yangi korxonalar faoliyati, sanoat, energetika, shaharsozlik va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar, joylarda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Shuningdek, davlat rahbari hududni kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 11 mingdan ziyod sanoat korxonasi bor. Ularning respublika sanoatidagi ulushi 10 foizdan yuqori.
Xususan, hududda 47 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda 2,3 trillion so‘mlik 1 000 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 18 ming kishi ish bilan ta’minlangan. Mazkur zonalarda 2024-yilda 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 31 million dollarlik eksport qilingan.
Bugungi kunda qiymati 1 milliard dollarlik 288 ta investitsiya loyihasi amalga oshirish jarayonida. Jumladan, bu yil 119 ta loyiha ishga tushirilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Sanoat mahsulotlari eksporti 47 million dollarga yetkaziladi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining hududiy sanoat yarmarkasini borib ko‘rdi.
Bu yerda 110 ta korxonaning 500 ga yaqin mahsuloti namoyishga qo‘yilgan. Jumladan, avtomobilsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, raqamli texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, gulchilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlardagi samarali loyihalar taqdim etilgan.
Davlat rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yaxshi tajribalarni qo‘llab-quvvatlab, respublika miqyosida ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.