Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida qator tashabbuslar bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 1 dekabr kuni Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi majlisida ishtirok etdi.

Global iqlim sammitida 170 dan ortiq davlatning davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari sammitning yalpi majlisida ma’ruza qildi, shuningdek, qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida Amirliklarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi global tashabbuslari va “yashil” rivojlanishga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi paytlarda iqlim o‘zgarishi barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng muhim muammoga aylandi. Zamonamizning eng halokatli ekologik inqirozlaridan biri Orol fojiasi fonida Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda ayniqsa keskin sezilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda havo haroratining ko‘tarilishi, tuproqning tanazzulga uchrashi, muntazam qum bo‘ronlari, ichimlik suvi tanqisligi, bioxilma-xillikning qisqarishi va mintaqaning millionlab aholisining hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan boshqa omillarni alohida qayd etdi.

Prezident “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifalari ekanini alohida ta’kidladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda muqobil energiya ishlab chiqarish ulushi ikki barobar oshdi. Mamlakatda yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi amaliy qadamlar amalga oshirilgan.

Prezident Parij kelishuvi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha global asosni tezroq tasdiqlash tarafdori ekanini aytdi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.

Davlat rahbari Orolbo‘yini innovatsiyalar, texnologiya va yangi imkoniyatlar zonasiga aylantirish maqsadida barchani ushbu mintaqada iqlim texnologiyalari xalqaro ko‘rgazma markazini tashkil etish bo‘yicha yaqin hamkorlikka taklif qildi.

Bundan tashqari, Prezident “Yashil universitet” negizida tashkil etilgan Iqlim ilmiy forumi platformasida xorijiy davlatlardan yetakchi olim va mutaxassislarni jalb etgan holda yaqin ilmiy almashinuvlar yoʻlga qoʻyish va hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni taklif qildi.

Davlat rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish va iqlim oʻzgarishining bandlikka taʼsirini modellashtirish markazini yaratish tashabbuslarini ham eʼlon qildi.

Prezident iqlim muammolarini samarali hal etishga yoshlarni faol jalb etish maqsadida O‘zbekistonda COP Yoshlar konferensiyasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning insoniyatning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish g‘oyasiga sodiqligini tasdiqlab, kelgusi yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Dubaydagi sammit natijalari sayyoramizning barqaror, farovon va xavfsiz kelajagi yo‘lidagi barcha davlat va xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.