Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Prezident “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlab berdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlanganiga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi. Davlat rahbari yangi aeroport poydevoriga kapsula qoʻyib, qurilishga rasman start berdi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik doirasida amalga oshiriladi. Xususiy sheriklar sifatida Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi, Yaponiyaning Sojitz savdo uyi (loyihaga “oʻnlab milliard yen” miqdorida sarmoya kiritadi), hamda Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi ishtirok etadi.
Prezident ta’kidlashicha, aeroport qurilishi Oʻzbekistonni “Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlovchi” mintaqaviy aviatsiya markaziga aylantirish uchun zamin yaratadi. Uning soʻzlariga koʻra, keyingi besh yil ichida mamlakat aviatsiya parki 180 ta samolyotga yetadi, yoʻnalishlar soni 230 taga oshadi va yiliga 200 mingta parvoz amalga oshiriladi.
Loyiha toʻrt bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki, qiymati 2,5 milliard dollar boʻlgan bosqichda 1300 gektar maydonda aerovokzal majmuasi va aerodrom quriladi.
Bu yerda zamonaviy temir yoʻl stansiyasi ham barpo etiladi, undan tezyurar poyezdlar qatnaydi. Toshkent va Yangi Toshkent markazlari oʻrtasida shuttle-transport harakati yoʻlga qoʻyiladi.
Qurilish yakunlangach, aeroport yiliga 20 milliongacha yoʻlovchiga va 129 ming tonnagacha yukga xizmat koʻrsata oladi, soatiga 30 ta parvoz va qoʻnishni amalga oshiradi, 14 ta teleskopik trapdan foydalanadi hamda bir vaqtning oʻzida 62 ta samolyotni joylashtira oladi. Duty free zonasi 46 ming kvadrat metr maydonni egallaydi.
Ekologik barqarorlikka alohida e’tibor qaratiladi: aeroport toʻliq qayta tiklanadigan energiya manbalari orqali ta’minlanadi va mamlakatda 100% “yashil” energiyada ishlaydigan birinchi aeroport boʻladi.
Zamonaviy aeronavigatsiya va meteorologik tizimlar har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.
Loyiha mamlakatga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltirishi, xizmat koʻrsatish sohasi, sanoat va turizmni rivojlantirishga, shuningdek minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.