Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Prezident YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 oktabr kuni Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Bosh konferensiyaning ushbu tarixiy sessiyasi qariyb qirq yil ichida ilk bor YUNESKO shtab-kvartirasi tashqarisida o‘tkazilmoqda hamda tashkilotning 80 yilligi bilan hamohang kelmoqda.

Bunday yirik xalqaro forumning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning Tashkilot ideallari va qadriyatlariga sodiqligini, shuningdek, tinchlik, o‘zaro tushunish va barqaror taraqqiyot yo‘lida global muloqotni rivojlantirishga faol hissa qo‘shish borasidagi qat’iyatini yorqin tasdiqlaydi.

Mazkur muhim sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiyalar va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan turli formatdagi 150 dan ortiq tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ular orasida O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan 20 dan ortiq tadbir ham mavjud.

Forum doirasida Prezident Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Tadbirda 200 dan ortiq davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori darajadagi delegatsiyalari ishtirok etadi, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ishini dunyodagi va milliy OAVning 500 dan ziyod jurnalistlari yoritadi.