Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Samarali O‘zbekiston-Rossiya sammiti yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida qator qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
27 may kuni tor va kengaytirilgan tarkibda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ular davomida Prezidentlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildilar, delegatsiyalar a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining muzokaralari har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi.
Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.
Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani alohida ta’kidlandi.
Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini Prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.
Madaniyat va san’at, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlar davom ettiriladi. Bugun ushbu ustuvor yo‘nalishlarda bitim va kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.
Yetakchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.
Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.
Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.
An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.
Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.