Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Samarqand dunyoni giyohvandlik tahdidlariga qarshi kurashda birlashtirmoqda: yuqori texnologiyalardan global tashabbuslargacha
Samarqandda «Transmilliy giyohvandlik tahdidlariga qarshi kurash: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish» mavzusidagi yirik xalqaro forum o‘z ishini boshladi. «Silk Road Samarkand» turistik majmuasida 50 ta davlatdan 500 ga yaqin ekspert hamda yirik tashkilotlar (BMT, ShHT, MDH, Interpol) vakillarini jamlagan ushbu tadbir global xavfsizlikning yangi strategiyasini ishlab chiqishda muhim platformaga aylandi. Birinchi kunning asosiy voqeasi noyob texnologiyalar ko‘rgazmasi bo‘ldi — unda huquqni muhofaza qilish organlari va IT-ishlab chiquvchilar giyohvandlikka qarshi kurashda kelajak arsenalini namoyish etdilar.
Ekspozitsiya zamonaviy qarama-qarshilik raqamli va yuqori texnologiyali bosqichga o‘tayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarni kuzatishga mo‘ljallangan uchuvchisiz tizimlar va dronlar, shuningdek, jamoat joylarida patrullik qilish uchun robot-yordamchilar prototiplari katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi kontrabandachilar yuklarni yashirishga uringan ayyorona yashirin joylarning real namunalari va yangi avlod sintetik moddalarini aniqlashga qodir zamonaviy skanerlar o‘rin olgan hayratlanarli stendni taqdim etdi. Dala sharoitida tezkor ishlash uchun shubhali moddalarni zumda kimyoviy tahlil qilish imkonini beruvchi mobil laboratoriyalar namoyish etildi.
Biroq texnik jihozlanish — yechimning faqat bir qismidir. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbariyati hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) vakillari ishtirok etgan forumning ochilishida muammoga nisbatan global yondashuvni o‘zgartirishga qaratilgan strategik tashabbuslar ilgari surildi. Asosiy g‘oyalardan biri kiberfazodagi narkobiznes bilan bog‘liq shubhali moliyaviy oqimlarni kuzatish va bloklash imkonini beruvchi bank nazoratining innovatsion mexanizmi — «xalqaro raqamli qora kod» tizimini joriy etish bo‘ldi.
O‘zbekiston, shuningdek, Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari norkologlari assotsiatsiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu qadam e’tiborni faqat jazolash choralaridan millat salomatligini saqlashga qaratgan holda, qaramlikka chalinganlarni samarali reabilitatsiya qilish va profilaktika tadbirlari uchun mintaqa shifokorlari hamda ijtimoiy xizmatlari sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bugungi kunda "sintetika" savdosining asosiy kanaliga aylangan yirik yashirin onlayn maydonchalar (darknet) faoliyatiga chek qo‘yishda yordam beradigan katta ma’lumotlarni (big data) tahlil qilish uchun sun’iy intellektni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Samarqanddagi forum shuni tasdiqladiki, narkojinoyatchilik tobora texnologik va transchegaraviy tus olayotgan bir sharoitda, bunga faqat resurslarni birlashtirish — sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan birgalikda foydalanishdan tortib, raqamli moliya sohasida yagona huquqiy makon yaratishgacha bo‘lgan choralar bilangina javob qaytarish mumkin. Samarqand maydonchasi mintaqa va jahonning xavfsizroq hamda barqaror kelajagi uchun poydevor qo‘yiladigan xalqaro muloqot markazi maqomini yana bir bor mustahkamladi.