Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Samarqand jahon turizm poytaxtiga aylanadi

Joriy yilning 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon sayyohlik tashkiloti (YuVTO) Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda O‘zbekiston tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi.

Jahon sayyohlik tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan hukumatlararo agentligi bo'lib, uning vazifasi barqaror va qulay turizmni rivojlantirishga qaratilgan. O'z sohasidagi eng yirik tashkilot bo'lib, u turizmning iqtisodiy o'sish dvigateli sifatidagi mavqeini mustahkamlash, ekologik barqarorlikni rag'batlantirish va butun dunyo bo'ylab sayyohlik siyosatida yo'nalishlarni qo'llab-quvvatlash va ularga rahbarlik qilish majburiyatini oladi. Bosh Assambleya sammitlari har ikki yilda bir marta boʻlib oʻtadi va butun dunyodan delegatlar ishtirok etadi.

Bosh Assambleya turli mamlakatlarda turizmni rivojlantirish uchun mas'ul bo'lgan yuqori lavozimli amaldorlar va xususiy sektorning yuqori martabali vakillarining eng muhim va keng ko'lamli yig'ilishi hisoblanadi. An'anaga ko'ra, unda 150 dan ortiq davlatdan vazirlar ishtirok etadi, delegatlarning umumiy soni 2 mingdan oshadi.

Bugungi kunda Samarqandga Saudiya Arabistoni, Albaniya, Ozarbayjon, Bagama orollari, Bahrayn, Gvatemala, Gaiti, Kot-d’Ivuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Syerra Leone, Ukraina, Urugvay va Yaman kabi davlatlardan turizm tashkiloti va idoralari rahbarlari kelishi kutilmoqda. Umuman olganda, tadbirda dunyoning 160 ga yaqin davlatidan turizm sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va turizm biznesi vakillari ishtirok etadi.

Tadbir dasturida turizm sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish, mamlakatga maqsadli investitsiyalarni jalb qilish, O‘zbekistonning barcha hududlarida yuqori sarmoyaviy salohiyatga ega ob’ektlar, hududlar boʻyicha loyihalarni taqdimot kilish va biznes kelishuvlariga erishish yo'naltirilgan vazirlar panel majlisi, Investitsiya forumini oʻtkazishga eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, ushbu tadbir doirasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” turizm forumi, ekoturizm festivali va eng yaxshi “sayyohlik qishloqlari”ni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.