Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi: raqamlar va voqealar
190 dan ortiq davlat delegatsiyalarini jamlagan ushbu tadbir O‘zbekistonning madaniy merosni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim, madaniyatlararo muloqot va yangi tashabbuslarni ilgari surishdagi o‘sib borayotgan rolini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining o‘tkazilishi nafaqat diplomatik yutuq, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yangi bosqichdagi e’tirofi ramzi bo‘ldi. Ilgari Sharqning ilm-fan, san’at va ma’rifat markazi bo‘lgan bu shahar yana bir bor madaniyatlar va g‘oyalar muloqoti uchun global maydonga aylandi. Bu jarayon Uchinchi Uyg‘onish ruhini hamda mamlakatning insoniyatning barqaror kelajagi yo‘lida o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga intilishini aks ettiradi.
Ikki hafta davomida yalpi majlislar bilan bir qatorda seminarlar, konferensiyalar, xalqaro ko‘rgazmalar va kontsert dasturlari — jami 150 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. YUNESKOga a’zo davlatlar o‘z milliy loyihalari va tashabbuslarini taqdim etdi.
Forum arafasida Samarqand YUNESKOning XIV Yoshlar forumiga mezbonlik qildi. Unda ishtirokchilar global iqlim o‘zgarishi masalalarini muhokama qilib, o‘z tashabbuslari va g‘oyalarini taqdim etdilar. Mazkur takliflar Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi yig‘ilishlari hamda milliy komissiyalar uchrashuvlarida ko‘rib chiqildi.
Samarkand forumi doirasida ilk bor YUNESKO – O‘zbekiston nomidagi Abu Rayhon Beruniy xalqaro mukofoti topshirildi. Laureatlar qatoriga Braziliyaning Minas-Jerays Federal universiteti professori Virjilio Augusto Fernandes de Almejda, Parijdagi Amerika universiteti professorlari Syuzan Perri va Klaudiya Roda, shuningdek, Xitoyning Tsinghua universiteti Xalqaro AI boshqaruvi instituti olimlari Lan Syue, Chjen Lyan va Syan Syao kirdi.
43-sessiya davomida 2017 yildan buyon Tashkilotni boshqargan YUNESKO Bosh direktori Odri Azulening vakolat muddati yakunlandi. YUNESKO va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqimizning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilishdagi xizmatlari uchun u “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
YUNESKOning yangi bosh direktori etib misrlik olim va davlat arbobi Xaled al-Anani saylandi. U o‘z inauguratsiya marosimini Samarqandda o‘tkazdi va Tashkilotning 12-rahbari bo‘ldi.
Sessiya doirasida Samarqandda jahon san’at yulduzlari — maestro Vladimir Spivakov, taniqli pianinochi Elen Mersye hamda mashhur fransuz bastakori va YUNESKOning ezgu niyatlar elchisi Jan-Mishel Jarrning kontsertlari bo‘lib o‘tdi.
Samarqand 190 dan ortiq davlat vakillari, qariyb 20 nodavlat tashkilotlar va uch xalqaro tuzilma vakillarini birlashtirib, ularga fikr almashish va umumiy yondashuvlar ishlab chiqish imkoniyatini yaratdi.
Nutqlarda zamonaviy global chaqiriqlarga javoban qat’iy choralar ko‘rish, turli mintaqalardagi mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish, iqlim o‘zgarishi muammosini birgalikda bartaraf etish, ayollar huquqlarini himoya qilish hamda bolalar uchun sifatli ta’limni ta’minlashga chaqiriqlar yangradi. O‘tgan muhokamalar va qabul qilingan qarorlar, shubhasiz, YUNESKO maqsadlarini amalga oshirish va xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.