Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Samarqandda YUNESKOning XIV Yoshlar forumi ochildi

Samarqandda tashkilotning 43-y sessiyasi arafasida YUNESKOning XIV Yoshlar forumi o‘z ishini boshladi.

YUNESKO Yoshlar forumi — 1999 yilda tashkilot tashabbusi bilan yaratilgan xalqaro platforma bo‘lib, uning maqsadi — Bosh konferensiyada muhokama qilinadigan asosiy global masalalar bo‘yicha qarorlar ishlab chiqishda yoshlarning ishtirokini ta’minlashdir.

Forum har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi va dunyo bo‘ylab faol yosh yetakchilarni birlashtirib, yoshlar diplomatiyasining rivojiga, barqaror rivojlanish g‘oyalarining ilgari surilishiga hamda xalqaro qarorlar qabul qilish jarayonlariga yoshlarning keng jalb qilinishiga xizmat qiladi.

XIV Yoshlar forumining asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini global darajada ilgari surish hamda barqaror kelajakni birgalikda shakllantirishdir. Ochilish marosimi “Harakat avlodi” (“Generation of Action”) shiori ostida o‘tmoqda.

Forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatlaridan yosh yetakchilar ishtirok etmoqda. Ular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslar va innovatsion yechimlarni, shuningdek, xalqaro iqlim siyosatini shakllantirishda yoshlarning rolini muhokama qilmoqda.

Tadbirda YUNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari, O‘zbekiston hukumati vakillari, shuningdek Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya, Braziliya va boshqa davlatlardan yosh yetakchilar qatnashmoqda.

Ishtirokchilar uchun “Icebreaker” interaktiv tanlovi, xalqaro “Bag‘rikenglik kemasi” (“Ship of Tolerance”) art-loyihasi konserti, shuningdek, Samarqand bo‘ylab ekskursiya tashkil etilgan. Mehmonlar YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan shaharlarning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishmoqdalar.

Forum yakunlari bo‘yicha yoshlarning taklif va tavsiyalarini o‘z ichiga olgan hujjat tayyorlanadi va u YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-y sessiyasida taqdim etiladi.