Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda jami $7,1 mlrdlik 44 ta loyihaga start berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida mintaqaning industrial va ijtimoiy rivojlanishiga qaratilgan ulkan dasturni boshlab berdi. Tashrif davomida mamlakat janubining iqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartiradigan o‘nlab yangi korxonalarga tamal toshi qo‘yildi.
Investitsiyalarning umumiy qiymati 7,1 milliard dollarni tashkil etdi. Dastur 44 ta investitsiya loyihasini o‘z ichiga oladi: davlat rahbari qiymati 741 million dollarlik 13 ta tayyor ob’ektni foydalanishga topshirdi va yana 6,3 milliard dollarlik 31 ta korxona qurilishiga start berdi.
Investitsiyalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan. Asosiy yo‘nalishlar tog‘-kon sanoati, geologiya, energetika, yengil sanoat va turizmni qamrab oladi. Loyihalarni amalga oshirishda Xitoy, Germaniya, BAA, Turkiya, Hindiston, Avstriya va boshqa mamlakatlardan kelgan hamkorlar ishtirok etmoqda.
Tashrifning eng muhim voqealaridan biri — To‘polang suv omboridan ichimlik suvi yetkazib berish bo‘yicha qiymati 287 million dollarlik mega loyihaning ishga tushirilishi bo‘ldi. 246 kilometrlik tarmoq aholining toza suv bilan ta’minlanish darajasini 47 foizdan 67,5 foizga yetkazdi va 10 ta tumanni suv bilan ta’minladi. Shuningdek, davlat rahbari "Yangi O‘zbekiston" massivi, Termizdagi yangi IT-markaz va chegaralarni himoya qilishning zamonaviy texnologiyalari bilan tanishdi.
Ushbu tashabbuslarning hayotga tadbiq etilishi 18 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Barcha quvvatlar to‘liq ishga tushgach, viloyatdagi sanoat ishlab chiqarish hajmi 82 trillion so‘mga, yillik eksport esa 1,4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Surxondaryoning ulkan salohiyatini hududdagi har bir oila uchun real daromad va farovonlikka aylantirishdir.