Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Data-markaz qurilishini boshlab berdi
21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanida 12 MVt quvvatga ega Data-markaz qurilishining birinchi toshini qoʻyish marosimida ishtirok etdi. Mazkur markaz Data Volt (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi bilan hamkorlikda IT Park hududida barpo etiladi.
Prezident IT Park loyihasining ikkinchi bosqichi poydevoriga kapsula joylashtirib, qurilish ishlariga rasmiy start berdi.
Ikki yil avval 200 million dollarlik investitsiya hisobidan amalga oshirilgan birinchi bosqich doirasida 4 gektar maydonda balandligi 20–25 qavatli olti ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll qurilgan edi.
IT Parkda hozirda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari amalga oshirilmoqda, axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, onlayn ta’lim, biotexnologiyalar va boshqa yoʻnalishlarda loyihalar bajarilmoqda.
Bugungi kunda IT Park rezidentlari soni 3 200 ta kompaniyaga yetgan, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis ishlamoqda. Oʻtgan yili rezidentlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 1,6 milliard dollarga teng boʻlgan, joriy yil yakunida esa bu koʻrsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Xizmatlar eksporti hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshadi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, axborot texnologiyalari sohasida 300 mingdan ortiq yoshlarni yuqori daromadli ish oʻrinlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Xorijiy ekspertlarning bahosiga koʻra, Oʻzbekistonning faqat sun’iy intellekt yoʻnalishidagi salohiyati 10 milliard dollarga baholanmoqda.
Loyihaga koʻra, IT Park hududi 1,5 barobarga kengaytiriladi. Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi bilan hamkorlikda 12 MVt quvvatga ega Data-markaz, qiymati 150 million dollar, quriladi. Keyingi bosqichlarda qoʻshimcha 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, umumiy quvvat 500 MVtga yetkaziladi.
Shuningdek, bu hududda Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazi, ikki 20 qavatli ofis binosi, xizmat koʻrsatish va savdo markazlari ham barpo etiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu majmua ilgʻor texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan zamonaviy “Sun’iy intellekt xabi”ga aylanadi.