Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining 4 ta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi

Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashi doirasida kapital bozorini rivojlantirish, mas’uliyatli biznes yuritish, muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish va investorlar bilan ishlashni raqamlashtirish bo‘yicha ishchi guruhlarni tashkil etishni taklif qildi.

3-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisida to‘rtta yo‘nalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda faol ishtirok etishni taklif etdi.

Prezident taklif qilgan 4 yo‘nalish quyidagilar:

Kapital bozorini rivojlantirish. Bu yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy e’tiborni qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Mas’uliyatli biznes yuritish. “Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir”, — deyiladi xabarda.

Muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti kelgani ta’kidlandi. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev raislik qilgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Masdar”, “Indorama”, “ACWA Power”, “Air Products”, “Çalik”, “Suez”, “Orascom”, “Çengiz”, “Aksa”, “HP”, “Linde”, “Procter&Gamble”, “Visa”, “CAMCE”, “John Deere”, “Huawei”, “Airbus”, “Orano”, “Sommerzbank”, “Total”, “PASHA Holding” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Davlat rahbari investorlarni O‘zbekiston ishtirokidagi xalqaro loyihalarga qo‘shilishga chaqirdi.