Bosh sahifa/Yangiliklar
Yangiliklar
Toshkentda keng ko‘lamli xalqaro tadbir – IHTning 16-sammiti boshlandi
Toshkentda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 16-sammiti boshlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda.
2023-yil 10-oktabr kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan IHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 27-yig‘ilishida ushbu tadbirni Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha kelishuv erishildi.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Bugun, 8-noyabr kuni delegatsiyalar Toshkentga kela boshlaydi.
Oliy darajadagi uchrashuv 9-noyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, sammit dasturi doirasida Oʻzbekiston rahbari Qirgʻiziston, Turkiya prezidentlari, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari va IHT Bosh kotibi bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
“Yashil oʻtish va oʻzaro aloqalar” yilida Ozarbayjon raisligi doirasida amalga oshirilgan tadbir va tashabbuslar IHT davlatlarining amaliy sherikligini kengaytirishga katta hissa qoʻshganini alohida taʼkidlash joiz. Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilk bor Tashkilotning turoperatorlar tarmog‘i shakllantirildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan IHT sammiti Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarni rivojlantirish va ilgari surish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat. Bu borada O‘zbekiston hududlararo zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish, xalqaro yuk va yo'lovchilarni tashish shartlarini soddalashtirish tashabbusini ilgari suradi.
Yig'ilishda O‘zbekiston yana bir muhim masalani muhokamaga qo‘yish niyatida. By masala Afg‘onistonni iqtisodiyotini rivojlantirish va xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bilan birgalikda mintaqaviy ahamiyatga molik yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirishni izchil davom ettirish yo'naltirilgan.
IHTning navbatdagi sammitini Toshkentda oʻtkazish Oʻzbekistonning IHTga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro hamkorligiga yangi surʼat bagʻishlaydi, mintaqaviy muammolarni hal qilishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi asos yaratadi va tashkilotning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha asosiy ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi.