Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat Uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat Uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun oldini oluvchi diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sammit boshida O‘zbekiston rahbari Ozarbayjonning Maslahat Uchrashuvlari formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilganini e’lon qildi. U shuningdek, bu strategik qadam Maslahat Uchrashuvlariga kuchli turtki berishiga, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish hamda barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha konsolidatsiyalangan qarorlar qabul qilish uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat Uchrashuvi yakunida bir qator ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi va qabul qilindi:

▪️ Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat Uchrashuvi yakunlariga oid Qo‘shma bayonot;

▪️ Qirg‘izistonning 2027–2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodligi bo‘yicha BMT a’zo davlatlariga murojaatnoma;

▪️ Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat Uchrashuvida to‘laqonli ishtiroki to‘g‘risidagi qaror;

▪️ Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish konsepsiyasi;

▪️ 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo xavfsizlik xavflari katalogi va ularni oldini olish choralari.

Ta’kidlanishicha, tasdiqlangan hujjatlar mintaqada siyosiy dialogni mustahkamlash, transchegaraviy tahdidlarga kollektiv javob berish mexanizmlarini takomillashtirish va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi barqaror hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.