Bosh sahifa/Yangiliklar

Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston – global tashabbuslar va barqaror iqtisodiy taraqqiyot markazi

O‘zbekiston o‘z tarixida ikkinchi bor Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda. Mazkur forum Samarqandda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazilmoqda.

«Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘langan kelajagini rivojlantirish» shiori ostida o‘tayotgan forum ishida 4 mingdan ziyod ekspertlar, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi bank hamda kompaniyalar vakillari qatnashmoqda.

Kun tartibidan raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, ishlab chiqarish ta’minoti zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va boshqa masalalar o‘rin olgan.

4-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda nutq so‘zlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tkazilayotgani O‘zbekistonga g‘urur va iftixor bag‘ishlashini ta’kidladi.

Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.

Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda, Bank boshqaruvchilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga yaqin hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab o‘zgarishlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi haqida so‘z yuritar ekan, barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif etildi. O‘zbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishga tayyorligini ma’lum qilib, Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.

“Yashil” energetikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli quvvatlar ishga tushirildi, 2030-yilga borib esa generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishga ko‘maklashayotgani minnatdorlik bilan ta’kidlandi. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonch bildirildi.

Keyingi dolzarb vazifa – transport tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini va logistika yo‘laklari barqarorligini ta’minlash.

Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif etildi.

Muhim minerallar zaxiralarini o‘zlashtirishda hamkorlik salohiyati alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, O‘zbekiston nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston yetakchisi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan loyihalarni ilgari surish uchun Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish muhimligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish muhim vazifa sifatida belgilandi. Orol dengizining qurigan tubida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarga qo‘shimcha ravishda “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif etildi.

Mintaqaviy hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi. Loyiha mintaqadagi noyob madaniy, ziyorat, gastronomik, etnografik va boshqa ob’ektlarni sayyohlar uchun yagona makonga birlashtirishga qaratilgan.

Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslarni tizimli ilgari surish uchun OTBning loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha keng imkoniyatlarini, jumladan, xususiy kapitalni safarbar qilish orqali to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirish taklif etildi.

Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonch bildirildi.