Bosh sahifa/O'zbekiston haqida
O'zbekiston haqida

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI
Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 616-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘ZBEKISTON” deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; Quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “O‘ZBEKISTON” yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG‘I
Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir. Mutal Burhonov musiqasi Abdulla Oripov so‘zi Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot, Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon! Yashnagay to abad ilmu fan, ijod, Shuhrating porlasin toki bor jahon! Naqorat: Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston, Ajdodlar mardona ruhi senga yor! Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon, Olamni mahliyo aylagan diyor! Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni, Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot! Istiqlol mashʼali tinchlik posboni, Xaqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod! Naqorat: Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston, Ajdodlar mardona ruhi senga yor! Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon, Olamni mahliyo aylagan diyor!

GEOGRAFIK JOYLASHUVI
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan bo‘lib, mintaqadagi boshqa davlatlar orasida juda qulay tabiiy-geografik sharoitlarga ega. Mamlakat hududi o‘ziga xos past-tekislik va tog‘ relyefini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston hududining katta qismini (4/5 qismi atrofida) pasttekisliklar tashkil etadi. Shulardan eng muhimi Turon past-tekisligidir. Mamlakat sharqi va shimoliy sharqida Tyan-Shan va Pomir tog‘ (mamlakatning eng yuqori nuqtasi 4643m) tizmalari joylashgan. O‘zbekiston hududi markazida dunyoning bepoyon cho‘llaridan biri — Qizilqum yastanib yotadi. Respublika hududining 1/5 qismini tog‘ va tog‘ oldi hududlar tashkil etadi. Sharqiy hududi o‘rta va baland tog‘li relyefdan iborat.

HUDUD
O‘zbekiston Respublikasi Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 448,9 ming km kv ni tashkil etadi. Respublika hududi sharqdan g‘arbgacha 1 425 km ni, shimoldan janubgacha esa 930 km ni tashkil etadi. Respublika shimolda va shimoliy-sharqda Qozog‘iston, sharqda va janubiy-sharqda Qirg‘iziston va Tojikiston, g‘arbda Turkmaniston, janubda esa Afg‘oniston bilan chegaradoshdir.

AHOLI
O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2021 yil 1 yanvar holatiga 34 558,9 ming kishini tashkil etgan.
МИЛЛИЙ БАЙРАМЛАР

14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni

21 mart - Navro‘z

9 may - Xotira va qadrlash kuni

1 sentabr - Mustaqillik kuni

1 oktabr - Ustoz va murabbiylar kuni

8 dekabr - Konstitutsiya kuni

Ramazon Hayiti
