Bosh sahifa/Akkreditatsiya qoidalari

Akkreditatsiya qoidalari

O’zbekiston Respublikasida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o’tkazish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarni tasdiqlash to’g’risida» 2006 yil 24 fevraldagi 33-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining quyidagi hujjatlar asosida qabul qilgan qarori xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakillarini vaqtincha akkreditatsiya uchun asos hisoblanadi:

-manfaatdor xorijiy ommaviy axborot vositasi rahbariyatining O’zbekiston Respublikasida muxbirning akkreditatsiyasi yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga murojaatnoma xati;


Xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

manfaatdor ommaviy axborot vositasi to’g’risida ma’lumotnoma-axborot;

akkreditatsiya qilinadigan xorijiy muxbirning tarjimai holi ma’lumotlari va tegishli namunadagi to’rtta fotosurati.


Murojaat xati O’zbekistonning chet eldagi diplomatik yoki konsullik muassasalari orqali beriladi yoxud bevosita O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.


Vaqtinchalik xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilish to’g’risidagi qaror O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga xorijiy davlatning tegishli ommaviy axborot vositasi rahbariyatining yozma murojaatnomasi taqdim etilgandan keyin ikki haftadan kechikmay O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Ijobiy qaror qabul qilingach O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya qilingan muxbirga vaqtinchalik xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiya qilinganligi to’g’risida uch oygacha amal qilish muddati bilan guvohnoma beradi.


Xorijiy muxbirlarga kelish vizalari O’zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ularni doimiy yoki vaqtinchalik xorijiy muxbirlar sifatida akkreditatsiya qilishga roziligiga ko’ra beriladi.


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilishni O’zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari yoki ushbu Asosiy qoidalar asosida rad etishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bunday qarorning sabablari to’g’risida xorijiy muxbirni xabardor qiladi.


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muxbirlar tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida», «Jurnalisik faoliyatini himoya qilish to’g’risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo’lishlari va tranzit o’tishlari tartibi to’g’risida» 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son qarori, mazkur Asosiy qoidalar yoki ommaviy axborot vositalari sohasidagi boshqa qonun hujjatlari buzilgan taqdirda ogohlantirishi yoki uning akkreditatsiyasini muddatidan oldin to’xtatishi, yoki kirish vizasini bekor qilishi, shuningdek respublikadan chiqarib yuborishgacha ta’sir ko’rsatish ma’muriy choralarini ko’rishi mumkin.


Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlarga mavjud konstitusiyaviy tuzumni zo’ravonlik bilan o’zgartirishga, O’zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzishga da’vat etish, urush va zo’ravonlikni, shafqatsizlik, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qilish taqiqlanadi, shuningdek O’zbekiston Respublikasining ichki ishlariga aralashish, O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularning shaxsiy hayotiga aralashish va qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka olib keladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etish taqiqlanadi. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan xorijiy muxbirlar O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya olmagan xorijiy muxbirlarning O’zbekiston Respublikasi hududidagi kasb faoliyati taqiqlanadi va O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya olmagan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari sifatidagi kasb faoliyati taqiqlanadi va O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.


Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar O’zbekiston Respublikasi hududida erkin yurish huquqiga ega, borish uchun yopiq bo’lgan yoki maxsus ruxsatnomani talab etadigan joylar bundan mustasno. Xorijiy muxbir O’zbekiston Respublikasi hududida yurishda akkreditatsiya to’g’risidagi guvohnomani o’zi bilan olib yurishi shart.


Akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakilining huquqlari:

- jurnalistlar va matbuot xizmatlari xodimlari uchun mo‘ljallangan barcha xizmatlardan foydalanish;


- rasmiy tadbirlar va ko‘rgazmalar to‘g‘risida ma’lumot olish (press-relizlar, dasturlar va boshqalar);


- rasmiy tadbirlar vaqtida tadbirning matbuot markazi infratuzilmasidan foydalangan holda matbuot markazida ishlash;


- matbuot anjumanlarida, brifinglarda va boshqa matbuot tadbirlarida ishtirok etish



Akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakilining majburiyatlari:

- e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish;


- ma’lumotni taqdim etgan shaxslarning manbalarni ko‘rsatish bo‘yicha iltimosini qondirish;


- tadbir ishtirokchilaridan ma’lumot olishda audio- va videoyozuv, shuningdek fotosuratga olish haqida xabardor qilish;


- kasbiy faoliyatni amalga oshirish davomida mas’ul shaxsning talabiga ko‘ra beydj yoki jurnalistning shaxsi va vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etish;


- kasbiy imkoniyatlaridan axborotni yashirish yoki ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni soxtalashtirish, axborotni begona shaxs yoki ommaviy axborot vositasi bo‘lmagan tashkilot foydasiga to‘plash maqsadida foydalanmaslik;


- tadbir xavfsizlik xizmati vakillarining talabiga binoan foto yoki video uskunalar yordamida suratga olishni to‘xtatib turish (butunlay to‘xtatish);


- bosma materiallarni tadbir tashkilotchilari bilan kelishmagan holda tarqatmaslik;


- rasmiy ma’lumotlardan foydalanishda va ishtirokchilarning fikrlaridan iqtibos keltirishda “Ma’lumotlarni ko‘rsatish tartibi”ga rioya qilish lozim, ya’ni: tayyor materiallarda olingan ma’lumot manbasiga havola bo‘lishi lozim, elektron ommaviy axborot vositalari esa – “InterForum”ning rasmiy sayti havolasini (www.interforum.uz) ko‘rsatishlari lozim; nusxa ko‘chirilgan (iqtibos keltirilgan) ma’lumotlarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.